Yuqori standartlar

AN'ALARNING DAVOMIYLIGI

Yuqori texnologiyalar



Buyuk Ipak Yo‘lining muhim chorraxasida joylashgan Movaraunnahr qadimdan o‘zining milliy mahsulotlari bilan butun dunyo ahlini qiziqtirib kelgan. Tuprog‘i zar bu diyorning mohir hunarmandlari yaratgan buyumlar esa Mag‘ribu Mashriqda xaridorgir bo‘lgan. Jumladan usta zargarlarning nozik did bilan ishlov bergan  duru-javohirlari, shohona bezaklari bilan taqinchoqlar  qiymati  asrlar davomida yanada oshib borgan. Avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan zargarlik san’ati davrlar osha sayqallanib to bugungi kunga qadar bebeho qadriyat sifatida saqlanib qolganligi bizning yutug‘imizdir.

 Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sohaga yangi bosqichda e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga egadir. O‘zbek zargarlik san’atini yirik ishlab chiqarish sanoati darajasiga olib chiqish taklifi bu soha mutaxassislari uchun quvonchli xabar bo‘ldi. O‘zbekiston katta miqdorda oltin va kumush zahiralariga ega ekanligi zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarishda muhim omil sanaladi. Shu munosabat bilan zargarlik sohasini yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2018 yil fevral oyida “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi tashkil etildi. Uyushma malakali kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, zargar ustalar muammolarini o‘rganish va  soha bo‘yicha takliflar berish, taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanib zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, xom-ashyo resurslarini sotib olish mexanizmini soddalashtirish, eksport-import uchun qulay sharoit yaratish masalalari, milliy mahsulotlarimizni o‘zimizda hamda chet ellarda targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan shug‘ullanib keladi. Poytaxtimiz va viloyat markazlarida zargarlarimiz uchun qulaylik yaratish maqsadida klasterlar ochilmoqda. Ushbu klasterlarda ishlab chiqarishdan tortib sotuvgacha bo‘lgan jarayon mujassamlashgan. “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ko‘rgazma-savdolar natijasida esa milliy zargarlik mahsulotlarimizga ham ichki ham tashqi bozorlarda talab ortib bormoqda. Zero uyushma maqsadi jahon bozoriga O‘zbek brendi ostida sifatli hamda xaridorgir mahsulotlar taqdim etishdan iboratdir.